Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
JARQO‘RG‘ON TUMANIDA 156 TA SOLIQ TO‘LOVCHINING 3,1 MLRD SO‘MLIK SOLIQ QARZI HISOBDAN CHIQARILDI
Tadbirlar / 2022-12-28

    Mamlakatimizda soliq siyosatini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish va soliq tizimini soddalashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar  soliq to‘lovchilar soni va budjetga soliq tushumlarining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

   Bugungi kunda Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 3940 nafardan ortiq bo‘lib, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tizimni jadal raqamlashtirish borasidagi izchil ishlar natijasida tuman miqyosida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 95%ga yetdi.

    2022 yilning 27 dekabr holatiga viloyatimiz soliq to‘lovchilari tomonidan joriy yilning IV choragida 23 mlrd 873,3 mln so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 1 mlrd 973,3 mln so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Budjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning asosiy qismi
13 mlrd 773,3 mln so‘m yoki 57,6 foizi yuridik shaxslar, 5,1 mlrd so‘m yoki 2,1 foizi jismoniy shaxslar, 5 mlrd so‘m yoki 2 foizi esa boshqa yig‘im va majburiy to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

   Soliq turlari bo‘yicha tahlil etadigan bo‘lsak, tushumning 10 mlrd 62,1 mln so‘m yoki 42,1 foizini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 4 mlrd 641,3 mln so‘m yoki 19,4 foizini jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i hamda qolgan 9 mlrd 169,9 mln so‘m yoki 38,4 foizini esa boshqa soliqlar va  yig‘imlar tashkil etdi.

    Prezidentimizning “Ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ob’ektlarga qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmi bo‘yicha viloyatimizdagi jami 156 ta soliq to‘lovchining 3,1 mlrd  so‘mlik soliq qarzi hisobdan chiqarildi.

    Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan o‘tkazilgan bevosita muloqotlar va keng ko‘lamli tushuntirish ishlari natijasida 741 ta korxonada norasmiy ishlayotgan jami 1145 nafar fuqarolar qonuniy tartibda ishlay boshladilar.

   Jumladan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalaridagi 456 nafar, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan 163 nafar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridagi 274 nafar, qurilish korxonalaridagi 252 nafar fuqarolarning faoliyati legallashtirildi va budjetga 254 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.

  Soliq sohasidagi avtomatlashtirilgan axborot tizimlari ish unumdorligining ortishi va xizmat ko‘rsatish sifatining oshishini ta’minlamoqda.

    Tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash  maqsadida berilayotgan bu kabi soliq imtiyozlari va yengilliklari xususiy sektorni rivojlantirish va shu asnoda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Raxmatilla SATTAROV,

Jarqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i.

Ro`yxatdan o`tish
7 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?