Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
8 DEKABR “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANLIGINING 30 YILLIGI” MUNOSABATI BILAN JARQO‘RG‘ON TUMAN HOKIMI O‘RAQOV BAHODIR ABDUQAYUM O‘G‘LINING BAYRAM TADBIRI
Tadbirlar / 2022-12-08

Assalomu alaykum hurmatli tumandoshlar!

     Sizlarni ulug‘ ayyom — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-yehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

     O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

     Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot — yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

     “Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo‘lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

 

     “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda.

     Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.

     Avvalo asosiy qonunimizda kafolatlangan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha har bir insonning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

      Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ko‘plab xotin-qizlarga uy-joy bo‘yicha boshlang‘ich badallar to‘lab berilgani ham ana shunday ezgu ishlarimiz qatoriga kiradi.

    Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha jadal ishlar davom ettirilmoqda.

    Qadrli tumandoshlar!

    Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan adolat prinsipini amalda ta’minlash bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.

     Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambag‘allikdan chiqish tajribasi va ko‘nikmasi shakllanmoqda.

     “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham ko‘p ishlar qilinmoqda.

    Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans — milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

     Yana bir muhim konstitutsiyaviy tamoyil — inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha sohalarda, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.

     Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda.

     Uzoq vaqt fuqarolikka ega bo‘lmay kelgan insonlar bugungi kunda o‘zlarini to‘laqonli O‘zbekiston fuqarolari deb his etmoqda. Bu esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga munosib javob bo‘ladi.

     Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

    2020 yil oktabr oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylandi.

    Bu — biz olib borayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir katta yutug‘i, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

    Shu munosabat bilan yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston fuqarolari hamisha o‘z davlati va Konstitutsiyasi himoyasida bo‘ladi va biz bu tamoyilni bundan buyon ham qat’iy amalga oshiramiz.

    Aziz tumandoshlar!

    Xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish — davlatimiz va jamiyatimizning bosh vazifasidir.

     Mana shunday ezgu va sharafli maqsad yo‘lida keksa-yu yosh barcha vatandoshlarimiz bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qiladilar, yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lib maydonga chiqadilar, deb ishonaman.

    Sizlarni Konstitutsiya bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

     Xonadonlarimizni, go‘zal yurtimizni tinchlik-osoyishtalik, fayz-u baraka aslo tark etmasin!

Ro`yxatdan o`tish
15 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?