Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
ZAMONAMIZ QAHRAMONI
Tadbirlar / 2021-10-26

    Jarqo‘rg‘onning bir qismini cho‘l zonasi tashkil etadi. Bunday joyda hosil olishning ham imkoni past. Biroq , ana shu cho‘llarning ham o‘ziga yarasha tabiati bo‘ladi. Unda o‘sadigan daraxtu butalari mavjud. Ular bo‘lmasa sahro qumlari Surxondaryoda mashhur “Afg‘on shamoli”da har tarafga uchib, hosildor yerlarni ham ishdan chiqarishi mumkin.

   Buni chin ko‘ngildan his etgan fidoiy insonlarimiz borki, ular ana shu sahrolar o‘rnida o‘sib rivojlanadigan bo‘talarni ekib, o‘ziga yarasha sahroning yashil maydonga aylanishida jonbozlik qilishmoqda. Ana shunday insonlardan biri “Qorayantoq” mahallasida yashovchi Nomoz aka Jumaevdir.  U kishi sahroda bunday o‘rmon yaratish fikri qanday paydo bo‘lgani haqida so‘raganimizda esa:

   -Bir kuni Buxorodan odamlar kelishdi va bizni maktabda to‘plashdi. Bizga kasseta qo‘yib, qumga qarshi qanday kurashish mumkinligini aytib berishdi. Mahallada mendan boshqa hech kim qiziqmadi ham, saksovul ekishga tushmadi ham», — deya gap boshladi Nomoz aka. - Bu odamlar ichida o‘rmonshunos Abdusalom Normatov va Global ekologik jamg‘arma Kichik grantlar dasturining (GEJ KGD) milliy muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Volkov bor edi.

   Abdusalom bizning sharoitimizda yashab ko‘rgani uchun ham ushbu loyihaning ilhomlantiruvchisi edi. Uning  cho‘l bosib kelayotgani va nimadir qilish kerakligini uqtirib, odamlar daraxt ekolmaydi, balki tomirlarni ham o‘tin uchun qazib olishadi. Tabiatdan olishadi, lekin hech narsa berishmaydi, degan fikrlari yoqib tushdi va bunga menda qiziqish uyg‘ondi.

    Shu yerlik oqsoqollarning aytishicha, avval bu yerlarda qalin saksovul o‘rmonlari bo‘lib, kirish xatarli bo‘lgan ekan. U yerda yo‘lbars va ilvirs kabi yirtqichlar ham yashagan. Nomoz akada ana shunday o‘rmonni qayta tiklash g‘oyasi shunday shakllandi. Mahalliy tadbirkor o‘zining yerini unga foydalanishga berdi. GEJ KGD ko‘chatlarga pul ajratdi. Va… hech narsa bo‘lmadi. Birinchi yili saksovul ko‘chatlari ko‘karmadi.

    «Men ekkan ko‘chatlar qurib ketdi. Avvaliga to‘g‘ri ekishni bilmagan ekanman. Ildizlariga ozroq loy qo‘shish kerak ekan. Buni bilganimdan keyin yana ekishni boshladim», — deydi Nomoz aka.

   Omadsizlik «qum ishg‘olchisi"ni to‘xtatolmadi. 2010 yilda u saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini yana eka boshladi. Uch yil ichida 15 mingtacha saksovul ko‘chatlarini qo‘l bilan ekdi.

   «Menga faqatgina oilam yordam berardi. Hamma — o‘g‘illarim, kelinlarim, nevaralarim ham ishladi. Juda og‘ir bo‘ldi», — deya eslaydi Nomoz aka.

   Hozirda 50 gektardan ortiq haybatli hududda o‘rmon vujudga kelgan. Bu yerda saksovullar juda baland — odam bo‘yidan oshadi. Ular atrofida butalar barq urgan, o‘simliklar shamolda tebranadi, kemiruvchi va sudraluvchilar inlari galasiga duch kelasiz. Haqiqiy o‘rmon!

   Yaqinda tumanimizga tashrif buyurgan xorijlik kuzatuvchilar ham Nomoz aka yaratgan sahrodagi o‘rmonni o‘z ko‘zlari bilan tomosha qilish, tasvirga olish uchun u kishining xonadonida mehmon bo‘lishib, cho‘ldagi yashnab turgan saksovulzorni tomosha qilishga oshiqdilar.

    Namoz aka Jumaevning qilgan bu xizmatlari hukumatimiz hamda Xalqaro tashkilotlar tomonidan rag‘batlantirilgan. 2018 yilda “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘ldi. U kishi haqida maktablarda darslik sifatida o‘tilayotgan 5-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “Tarbiya” kitobida ham maqola berilgan. Hamon sahrodagi o‘rmonning yanada ko‘rkam manzara kasb etishida hormay-tolmay mehnat qilayotgan bu insonning bundan keyingi faoliyatida ham rivojlar tilab qolamiz.

Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati.

Ro`yxatdan o`tish
2 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?